JCh-2026 dan so'ng O'zbekiston milliy terma jamoasi ikki futbolchisining narxi oshdi

Transfermarkt portali 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zolarining transfer narxlarini yangiladi.
Mundialdagi ishtirokdan so'ng O'zbekiston terma jamoasining ikki nafar yosh himoyachisi bozor qiymatida o'sish qayd etilgan. Xususan, 22 yoshli markaziy himoyachi Jahongir O'rozovning transfer narxida ijobiy o'zgarish kuzatildi: uning avvalgi narxi 600 ming evro bo'lgan bo'lsa, yangilanishdan so'ng ayni paytdagi bozor qiymati 1,2 million evro etib belgilandi. Shuningdek, terma jamoa tarkibidagi eng yosh o'yinchilardan biri bo'lgan, bungacha 350 ming evroga baholangan 18 yoshli o'ng qanot himoyachisi Behruz Karimovning ham narxi sezilarli darajada ko'tarildi va uning transfer qiymati endilikda 1 million evroga etdi.
O'zbekiston terma jamoasining umumiy qiymati esa 86,38 million evro etib belgilangan. Tarkibdagi eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov hisoblanadi. 22 yoshli futbolchining qiymati 50 million evroga teng. Undan keyingi o'rinlarni 31 yoshli hujumchi Eldor Shomurodov va 22 yoshli o'ng qanot vingeri Abbosbek Fayzullaev band etgan bo'lib, har ikki futbolchining transfer qiymati 7 million evroga baholangan. Kuchli beshlikni mos ravishda 2 million evrodan narx belgilangan 28 yoshli markaziy yarimhimoyachi Aziz G'aniev hamda 25 yoshli chap qanot vingeri Oston O'runov yakunlab bergan.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar