JCh-2026: Angliya va Xorvatiya to'g'ridan to'g'ri pley-offga chiqdi, Gana ham musobaqani davom ettiradi

AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida davom etayotgan JCh—2026 musobaqasining L guruhida hal qiluvchi 3-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Unda Angliya terma jamoasi Panamani mag'lub etib, guruh g'olibiga aylangan bo'lsa, Xorvatiya va Gana o'rtasidagi bahsda xorvatlar g'alaba qozondi.
Panama — Angliya
Kunning ilk o'yini AQShning Ist-Raterford shahridagi "MetLife" stadionida Panama hamda Angliya terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostidan o'tgan bahsda Tomas Tuxel boshchiligidagi inglizlar 2:0 hisobida zafar quchdi.
O'yinning 62-daqiqasida yarim himoyachi Jud Bellingem Angliya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 5 daqiqa o'tib, Bellingemning uzatmasidan so'ng jamoa sardori Harri Keyn o'z nomiga gol yozdirib qo'ydi va uchrashuvda yakuniy hisobni o'rnatdi.
Xorvatiya — Gana
Guruhning parallel kechgan ikkinchi uchrashuvi Filadelfiyadagi "Lincoln Financial Field" arenasida bo'lib o'tdi. Unda Xorvatiya hamda Gana terma jamoalari o'zaro to'qnash keldi. Keskin kurashlar ostida o'tgan bahsda xorvatlar 2:1 hisobida irodali g'alabani qo'lga kiritdi.
Uchrashuvning 31-daqiqasida Petar Suchich Xorvatiya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo'lsa, ikkinchi bo'limning 73-daqiqasida Gana terma jamoasi hujumchisi Derik Lukkassen muvozanatni tikladi. 83-daqiqada burchakdan Luka Modrich amalga oshirgan uzatmani Nikola Vlashich boshi bilan raqib darvozasiga aniq yo'lladi va jamoasiga g'alaba keltiruvchi gol muallifiga aylandi.
Jahon chempionati
L guruhi, 3-tur
Panama - Angliya - 0:2
Gollar: 0:1 — Jud Bellingem (62), 0:2 — Harri Keyn (67).
Xorvatiya - Gana - 2:1
Gollar: 1:0 — Petar Suchich (31), 1:1 — Derik Lukkassen (73), 2:1 — Nikola Vlashich (83).
Uchinchi tur o'yinlaridan so'ng L guruhida turnir jadvali quyidagicha ko'rinish oldi:
Angliya — 7 ochko;
Xorvatiya — 6 ochko;
Gana — 4 ochko;
Panama — 0 ochko.
Natijalarga ko'ra, guruhda 7 ochko to'plagan Angliya peshqadam sifatida hamda 6 ochko jamg'argan Xorvatiya ikkinchi o'rin egasi sifatida to'g'ridan to'g'ri pley-off (1/16 final) bosqichiga yo'llanma oldi. Gana esa 4 ochko bilan eng yaxshi uchinchi o'rin egalari qatoridan joy olib, keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qildi. O'tgan o'yinlarda ochko olishni uddalay olmagan Panama terma jamoasi so'nggi o'rinda qoldi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Eslatib o'tamiz, JCh—2026 reglamentiga ko'ra, har bir guruhdan eng yaxshi ikkita jamoa, shuningdek, uchinchi o'rinni egallagan eng yaxshi 8 ta terma jamoa keyingi pley-off bosqichiga yo'llanma oladi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar