Futbol bo'yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining 3-o'rin uchun kechadigan bahsi o'z nihoyasiga etdi. Frantsiya va Angliya terma jamoalari AQShning Florida shtati, Mayami shahridagi «Xard Rok» stadionida o'zaro to'qnash kelishdi. Uchrashuvni venesuelalik hakam Xesus Valensuela boshqarib bordi. Inglizlar 6:4 hisobida g'alaba qozonishdi.

Uchrashuvning 3-daqiqasida Angliya yarim himoyachisi Deklan Rays hisobni ochdi. 18-daqiqada himoyachi Ezri Konsa inglizlarning ikkinchi golini urdi. 37-daqiqada Angliya terma jamoasi vingeri Bukayo Saka hisobni yirik ko'rinishga keltirdi. 45+1-daqiqada esa Saka o'z nomiga dubl rasmiylashtirdi.

Ikkinchi bo'limda Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe 48-daqiqada bir golni ortga qaytardi. 54-daqiqada vinger Bredli Barkola frantsiyaliklarning ikkinchi golini urdi. 66-daqiqada Mbappe dubl qayd etib, hisobdagi farqni minimal darajagacha qisqartirdi. 87-daqiqada Saka penaltini aniq amalga oshirib, xet-trik qayd etdi va jamoasining beshinchi golini urdi. 90+6-daqiqada hujumchi Usmon Dembele Frantsiyaning to'rtinchi goliga mualliflik qildi. 90+8-daqiqada esa inglizlar yarim himoyachisi Jud Bellingem o'yinning yakuniy hisobini o'rnatdi.

Shu tariqa, Angliya terma jamoasi Jahon chempionatining bronza medali sohibiga aylandi. Frantsiyaliklar esa to'rtinchi o'rinni egallashdi. Turnir g'olibi Ispaniya va Argentina terma jamoalari o'rtasidagi final bahsidan so'ng ma'lum bo'ladi.

Manba: Stadion.uz