Javohir Sindarov AQShdagi rapid turnirida chempion bo'ldi

O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShda ilk bor tashkil etilgan Daniel Naroditskiy xotira turnirining rapid yo'nalishida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Amerikalik grossmeyster, sharhlovchi va strimer Daniel Naroditskiy xotirasiga bag'ishlangan musobaqada Sindarov etti tur yakuniga ko'ra 6 ochko jamg'arib, hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan birinchi o'rinni bo'lishdi. G'olib nomi blits tay-breyk orqali aniqlandi va unda o'zbekistonlik shaxmatchi raqibini har ikki partiyada ham mag'lub etib, 2:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu g'alaba evaziga u FIDE rapid onlayn reytingida 7-o'ringa ko'tarildi.
Musobaqa davomida Javohir Sindarov Shelev Oberoi, Niko Chasin, Mark Hayman, Robert Hess, Dariush Sverch, Oydin Sulaymonli hamda Aravind Chitambaramni ikki bor mag'lub etdi. Uning turnirdagi yagona mag'lubiyati amerikalik grossmeyster Endi Vudvordga qarshi bahsda qayd etildi.
Musobaqadagi g'alabadan so'ng Javohir Sindarov turnirning o'zi uchun alohida ahamiyatga ega bo'lganini ta'kidladi.
“Men bu erga shunchaki Daniel Naroditskiy xotirasi uchun shaxmat o'ynashga keldim va bu menga juda yoqdi. Hammasi ajoyib bo'ldi. Umid qilamanki, bu turnir har yili o'tkaziladi. Menimcha, Naroditskiy shaxmat olamidagi eng mehribon insonlardan biri edi. Odatda strimerlar haqida turli taassurotlar bo'ladi, ammo u bilan shaxsan tanishganimdan keyin uning naqadar samimiy va yaxshi inson ekaniga amin bo'ldim”, — deya fikr bildirdi Sindarov.
Uning so'zlariga ko'ra, u Daniel Naroditskiy bilan mingdan ortiq turli formatdagi shaxmat partiyasida kuch sinashgan.
Ushbu turnir doirasidagi blits musobaqasi 4 iyul kuni bo'lib o'tadi.

Daniel Naroditskiy dunyoning eng kuchli tezkor shaxmat ustalaridan biri sifatida tanilgan va uzoq yillar jahon reytingining kuchli 25 taligidan joy olib kelgan.
Ma'lumot uchun, Naroditskiy faoliyati davomida 2007 yilgi o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionati, 2013 yilgi AQSh yoshlar chempionati va 2025 yilgi AQSh blits chempionatida g'olib bo'lgan. Shuningdek, YouTube va Twitch platformalaridagi ta'limiy videolari hamda professional sharhlari orqali millionlab shaxmat ixlosmandlari e'tiborini qozongan.
U 2025 yil 19 oktyabr kuni 29 yoshida sarkoidoz kasalligi asoratlari tufayli vafot etgan edi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar