Jarohatdan qaytgan Rovella yana uzoq muddatga safdan chiqdi

"Yuventus"ga tegishli bo'lgan va ijara asosida "Latsio"da to'p surayotgan tayanch yarim himoyachisi Nikolo Rovella muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Bu haqda Rim klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rovella 21 fevral kuni A Seriyaning 26-turi doirasida bo'lib o'tgan "Kalyari"ga qarshi o'yinda (0:0) o'ng o'mrov suyagini sindirib olgan edi. Yaqin kunlarda futbolchi maxsus reabilitatsiya dasturini bajarishga kirishadi.
Italiya terma jamoasi safida 1 ta o'yin o'tkazgan 24 yoshli Rovella joriy mavsumda jarohatlar sababli atigi 9 ta o'yinda maydonga tushdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Eslatib o'tamiz, u o'tgan yilning sentyabr oyidan shu yilning yanvar oyigacha osteomielit (suyak to'qimasining yallig'lanishi) tufayli maydonga tusha olmagan edi.