“Jamoang olov ichida, Madrid haqida gapirishni to'xtat” — Mourino Entsoga maslahat berdi

Portugaliyaning “Benfika” klubi bosh murabbiyi Joze Mourino “Chelsi” klubi yarim himoyachisi Entso Fernandesning shov-shuvli intervyusiga munosabat bildirdi.
“Sen Madridni go'zal deyapsan. Albatta, u er go'zal. Shuningdek, Parij ham. London ham. Ammo go'zallik senga chempionlik keltirmaydi. G'oliblikni mentalitet ta'minlaydi. Men "Chelsi"da bo'lgan paytimda, o'yinchilarim boshqa klublar haqida gapirishmasdi. Nima uchun? Chunki ular g'alaba qozonish bilan band bo'lishardi. Sen "Real Madrid"ni xohlaysanmi? Madrid hordiq chiqaradigan joy emas. U er — bosim, tarix va mas'uliyat”, — deydi Mourino.
Portugaliyalik mutaxassis “Real Madrid”dagi bosim haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Madridda agar bitta o'yinni yomon o'tkazsang, muxlislar hushtakbozlik qiladi. Ikkita o'yinda yomon o'ynasang, OAV seni ‘o'ldiradi’. Uchta yomon o'yin bo'lsa, tamom, sen tugading. Jamoang qiynalayotgan bir paytda boshqa klub haqida gapiryapsanmi, bu etakchilik emas, balki diqqatni chalg'itishdir. Avval olovni o'chir, Madrid haqida gapirishni kamaytir. Ko'proq ‘Real Madrid’ o'yinchilaridek harakat qil”.
Ma'lumot o'rnida, Mourino 2010–2013 yillarda “Real Madrid”ni boshqargan. Ushbu davrda madridliklar Ispaniya chempionati, Kubogi va Superkubogini qo'lga kiritgan.
Entso Fernandes Madridning “Real” klubi uchun asosiy transfer nishoni hisoblanadi. Avvalroq 25 yoshli argentinalik futbolchi Madridning “Real” klubiga o'tish variantini ko'rib chiqishga tayyorligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Fernandes intervyularidan birida Ispaniya poytaxtida yashash istagi borligini aytib o'tgan.
Bu klub ichida turli munozaralarga sabab bo'lgan va “Chelsi” bosh murabbiyi Liam Rosenyor argentinalik yarim himoyachi Entso Fernandes London jamoasining navbatdagi ikkita o'yini uchun qaydnomadan chiqarilganini ma'lum qildi.
Guardian nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, “Chelsi”da hamma ham yarim himoyachining o'yinidan hayratda emas. Ba'zilar uning ketishi jamoa uchun falokat bo'lmaydi deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, londonliklar 25 yoshli o'yinchi uchun baribir katta miqdorda mablag' talab qilishi kutilmoqda.
“Real” esa so'ralayotgan taxminiy 100 million funt sterling (deyarli 115 million evro) miqdoridagi mablag'ni to'lash niyatida emas. Entso Fernandesning “Chelsi” bilan shartnomasi 2032-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portalida futbolchining bozor qiymati 90 million evro etib belgilangan.