Jahon chempionati qahramonlari bilan uchrashuv tashkil etildi

O'zbekiston dzyudo federatsiyasida jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytgan o'smirlar terma jamoamiz a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Federatsiya bosh kotibi Aziz Sobirov murabbiylar shtabi va dzyudochilarimizni tarixiy ishtirok bilan tabriklab, bu muvaffaqiyatlar davomiyligini saqlab qolish, keyingi xalqaro musobaqalarda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilish asosiy vazifa bo'lib qolishini ta'kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli lahzalar e'tirof etildi, yo'l qo'yilgan xatolar haqida gaplashildi va kelajakda alohida e'tibor talab qiladigan yo'nalishlar belgilab olindi.
Sportchilarning jismoniy holati, tiklanish jarayoni va yangi yuklamalarga tayyorgarligi muhokama qilindi.
Endi bor e'tibor shu oyda Indoneziya mezbonlik qiladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko'rishga qaratiladi.
Terma jamoamiz yilning yana bir katta musobaqasida o'zining yuqori darajasini ko'rsatishga bel bog'lagan.