– O'yin haqidagi fikringiz qanday?
– Birinchi navbatda, "Andijon" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Biz jismoniy jihatdan juda og'ir o'yin bo'lishini kutgan edik. Maydonda yakkakurashlar, kurashlar, qanotlardan to'p uzatishlar va havodan oshirilgan to'plar juda ko'p bo'ldi. Raqib o'yinni biz uchun noqulay bo'lgan uslubga yo'naltira oldi. Bu borada biroz yaxshiroq o'ynay olamiz deb o'ylagan edim, biroq o'yin shuni ko'rsatdiki, ana shunday qanot uzatmalari va ikkita standart vaziyatdan so'ng darvozamizdan uchta gol o'tkazib yubordik.

Birinchi bo'limda gol urganimizdan keyin o'yin suratini biroz pasaytirishimiz kerak edi, deb o'ylayman. Ammo bu vazifani uddalay olmadik va raqibga, ayniqsa, qanotlarda juda ko'p bo'sh hudud qoldirdik. Ular jarima maydonimizga tinimsiz to'p uzatib, yakunda hisobni tenglashtirishdi.

Ikkinchi bo'lim shunday boshlandiki, biz darhol burchak zarbasidan so'ng gol o'tkazib yubordik. Shundan keyin yana o'ynay boshladik, ochiq futbol namoyish etildi. "Andijon" jamoasi darhol himoyaga chekindi, biroq shu bilan birga ular uchinchi golni urishga ham harakat qilishdi. Menimcha, ikkinchi bo'limda qiziqarli o'yin bo'ldi. Bizda ham golli vaziyatlar yuzaga keldi, lekin, afsuski, hisobni tenglashtira olmadik, qo'shimcha daqiqalarda esa uchinchi golni o'tkazib yubordik.

Endi biz o'tish o'yinlariga tayyorgarlik ko'rishimizga to'g'ri keladi. Ha, bu noqulay holat, biroq avval uchinchi sanada "Qizilqum"ga qarshi uchrashuv, so'ngra oltinchi sanada biz uchun juda muhim bo'lgan o'yin kutib turibdi. Shunga qaramay, men hali ham kuchimiz etarli ekaniga, "Bunyodkor" Superligada qolishiga va keyingi yilda, Xudo xohlasa, barchasi o'nglanib, yaxshilanishiga ishonaman.

– "Bunyodkor" jamoasining o'tish turnirida ishtirok etishi deyarli aniq bo'ldi. Agar jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Proligaga tushib ketadigan bo'lsa, murabbiylar shtabi "Bunyodkor"da qoladimi yoki shartnoma bekor qilinadimi?
– Men "Bunyodkor"ning Superligada qolishiga ishonaman va bunga aminman. Shu bois boshqa ssenariy haqida umuman o'ylamayapman. Keyingi yilda nima bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi. Hozirgi asosiy vazifamiz – g'alaba qozonish va jamoani Superligada olib qolishdir.

– Nima uchun legioner futbolchi Dmitriy Pletnyov maydonga zaxiradan tushmoqda?
– Unda jarohat bor edi. U o'yinni ilk daqiqalardan boshlashga to'liq tayyor emas edi.