Italiyalik jurnalist: «JChda O'zbekiston va Italiya milliy jamoalari o'zaro to'qnash kelishini istardim»

Italiyalik jurnalist Arturo Leonchi O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligiga Fabio Kannavaro tayinlanganiga munosabat bildirdi.
Uning fikricha, bu Kannavaro uchun juda katta imkoniyat — u saralash bosqichlarini chetlab o'tib, darhol 2026 yilgi jahon chempionatida ishlash imkoniyatiga ega bo'ldi.
— Menimcha, bu Kannavaro uchun orzu bo'lgan ish. U to'g'ridan-to'g'ri jahon chempionatiga boradi, saralashsiz. Uning Osiyoda ish tajribasi bor, Italiyada ham ozgina faoliyat yuritgan. Lekin terma jamoa bilan ishlashda bu unchalik muhim emas. Asosiysi — u yirik musobaqalarda ulkan tajribaga ega. Unga omad tilayman! Juda istardimki, jahon chempionatida Italiya va O'zbekiston to'qnash kelsin. Kannavaro — Gattuzo! Bu ajoyib bo'lardi! — dedi Leonchi.
Eslatib o'tamiz, Fabio Kannavaro O'zbekiston terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlaydi. Ayni paytda Italiya terma jamoasini Jennaro Gattuzo boshqarmoqda.