Istanbulda Chempionlar Ligasining saralash bosqichi doirasida o'tgan “Fenerbahche” hamda Polshaning “Gurnik” (Zabje) jamoalari o'rtasidagi o'yinda tartibsizlik yuz berdi. Mahalliy politsiya bilan to'qnashuvdan so'ng sakkiz nafar polshalik futbol muxlisi hibsga olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, “Gurnik”ning ko'p sonli muxlislari uchrashuvni stadiondan tomosha qilish uchun Istanbulga havo va quruqlik transportlari orqali etib borgan. O'yinning dastlabki daqiqalaridayoq polshalik ishqibozlar joylashgan sektorda politsiya xodimlari bilan kelishmovchilik va to'qnashuvlar yuzaga kelgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari sakkiz kishini hibsga olish orqali vaziyatni barqarorlashtirishga va qolgan tartibsizliklarning oldini olishga erishgan.

Eslatib o'tamiz, Chempionlar Ligasining ikkinchi saralash bosqichi dastlabki uchrashuvida “Fenerbahche” 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Jamoalar o'rtasidagi javob uchrashuvi 29 iyul kuni Polshaning Zabje shahrida bo'lib o'tadi.

Manba: Stadion.uz