Marca nashrining xabar berishicha, Evropa chempioni-2024 Ispaniya va Amerika Kubogi g'olibi-2024 Argentina terma jamoalari o'rtasidagi “Finalissima–2026” bahsi 28 mart kuni Qatarda bo'lib o'tadi.

Manbaga ko'ra, FIFA ushbu o'yinni «Lusail Aykonik» stadionida tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ilgariroq Mayami va Er-Riyod shaharlari ham ehtimoliy variant sifatida ko'rib chiqilgan.

Eslatib o'tamiz, ilk marotaba erkaklar o'rtasidagi “Finalissima” 2022 yil iyun oyida o'tkazilgan bo'lib, o'sha uchrashuvda Argentina Italiyani 3:0 hisobida mag'lub etgan edi.

Evro–2024da Ispaniyaning yo'li:
Ispaniya Italiya, Xorvatiya va Albaniya bilan bir guruhdan chiqdi. Pley-off bosqichida Gruziya, Germaniya va Frantsiyani mag'lub etdi, finalda esa Angliyani 2:1 hisobida engdi.

Kopa Amerika–2024da Argentinaning yo'li:
Argentina Kanada, Chili va Peru bilan bir guruhda bo'lgan. Pley-offda Ekvador va Kanadani engdi, finalda esa Kolumbiyani 1:0 hisobida mag'lub etib, sovrindor bo'ldi.

Manba: championat.com