Qirollik Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) mamlakat Superkubogini o'tkazish muddati o'zgarganini e'lon qildi — musobaqa 2027 yilning fevral oyi boshiga ko'chirildi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.

Manbaning xabariga ko'ra, turnir Saudiya Arabistonida bo'lib o'tmaydi, chunki ushbu mamlakat ayni o'sha vaqtda Osiyo Kubogiga mezbonlik qiladi. Shu sababli, RFEF joriy mavsumdagi Superkubok bahslarini o'tkazish uchun yangi joy topishi kerak.

RFEF prezidenti Rafael Lousan ham ushbu turnir ispan futboli uchun, jumladan, iqtisodiy nuqtai nazardan juda katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab o'tdi. Sababi musobaqa taxminan 53 million evro daromad keltiradi va bu mablag' mamlakatdagi butun futbol tizimi bo'ylab taqsimlanadi. Biroq Saudiya Arabistoni o'rnini egallaydigan mezbon davlat qanday shartlar asosida tanlanishi hozircha noma'lum.

Avvalroq, ushbu turnirga Qatar davlati mezbonlik qilish ehtimoli juda yuqori ekanligi xabar qilingan edi.

 

Manba: Stadion.uz