Ispan murabbiylari Evropani zabt etmoqda: Ular joriy mavsumdagi barcha evrokuboklarni yutib olishlari mumkin

«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Evropa ligasi g'olibiga aylandi. Bu Angliya jamoasining 2025/2026 yilgi mavsum turniri final uchrashuvida «Frayburg» ustidan qozongan g'alabasidan (3:0) keyin sodir bo'ldi.
Ushbu natija tufayli joriy mavsumdagi uchta evrokubokdan kamida ikkitasi albatta ispaniyalik murabbiylarga nasib qilishi aniq bo'ldi. Chunki UEFA Chempionlar ligasining bo'lajak finalida (30 may) Luis Enrike qo'l ostidagi «PSJ» Mikel Arteta boshchilik qilayotgan «Arsenal» bilan to'qnashadi. To'qnashuvda qaysi jamoa g'alaba qozonishidan qat'i nazar, bosh sovrin ispan mutaxassisi hisobiga yoziladi.
Bundan tashqari, agar Inigo Peres boshqaruvidagi «Rayo Valekano» UEFA Konferentsiyalar ligasining hal qiluvchi bahsida (27 may) avstriyalik murabbiy Oliver Glasner ustozlik qilayotgan Angliyaning «Kristal Pelas» jamoasini mag'lub etsa, ispanlik murabbiylar joriy mavsumdagi barcha uchta evrokubokni qo'lga kiritishlari mumkin.