Islom Ismoilov: "Chempionlikka qariyb 90 foizga yaqinlashdik, ammo hali rasman chempion emasmiz"

O'yin va muxlislar qo'llab-quvvatlovi haqida
"Barchani g'alaba bilan tabriklayman. Yaxshi o'yin o'tkazdik, hozir hech bir bahs oson kechmayapti. Uchrashuv oldidan meni eng ko'p o'ylantirgan jihat futbolchilarni ruhiy tomondan tayyorlash edi, chunki bunday o'yinlarga jamoani psixologik jihatdan shaylash og'ir kechadi. Yigitlarga ko'plab tushuntirishlar berdik, yig'ilishlar o'tkazdik va ular maydonda o'zlarining professional darajalarini yana bir bor namoyish etishdi. Buning uchun shogirdlarimga hamda sovuq ob-havoga qaramay stadionga kelib bizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman", - dedi Ismoilov.
Tarkibdagi rotaciyalar va CHL bahslari
"Tarkibimizda futbolchilar ko'p va bir qancha o'yinchilar jarohatdan tiklanib, safga qaytishmoqda. Bugun uzoq muddatli tanaffusdan so'ng ularga ko'proq o'yin amaliyoti berdik. Mavsum yakunlanib borayotgan bo'lsa-da, biz uchun hali tugagani yo'q - oldinda CHLda ikkita muhim uchrashuvimiz bor. Futbolchilarni o'sha bahslarga sog'lom va jarohatlarsiz yetib borishini taminlash juda muhim. Shu bois har bir o'yinda rotaciya qilishga majburmiz, hech bo'lmaganda bitta o'yinchi o'zgarmoqda va bu jarayon keyingi bellashuvlarda ham davom etadi".
Katanets va Kapadze bilan qiyoslashlar xususida
Jurnalistlar tomonidan Rossiya OAVda Islom Ismoilov va Timur Kapadzeni O'zbekiston milliy terma jamoasi ustozidan kuchliroq deya etirof etilgani haqida berilgan savolga mutaxassis quyidagicha javob qaytardi:
"Bunday tarif uchun rahmat, lekin men har bir murabbiyni hurmat qilaman. Hammaning o'ziga yarasha salohiyati bor, u esa hozirda O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi. Men o'zimni hech qachon qaysidir mutaxassisdan kuchli deb hisoblamayman va ustun qo'ymayman. Futbolda hali o'rganishim kerak bo'lgan jihatlar juda ko'p".
Terma jamoaga faqat bir nafar futbolchi chaqirilgani haqida
"Albatta, jamoamizdan ko'plab o'yinchilar terma jamoaga jalb etilsa, bundan faqat xursand bo'lamiz. Biroq hozir faqat bir nafar futbolchimiz chaqirilgan. Bu bir tomondan foydamizga ishlaydi, chunki tarkib jamoa bilan birga qoladi va mashg'ulot jarayonida uzilish yuzaga kelmaydi. So'nggi paytlarda FIFA kunlaridan keyingi qaytish biz uchun biroz og'ir kechayotgan edi, shu sababli bu holat hozirgi vaziyatda biz uchun qulay".
"Bunyodkor" o'yini va bahsning borishi
"Ikki jamoa ikki xil holatda: biri chempionlik uchun, ikkinchisi esa ligada qolish uchun kurashmoqda. "Bunyodkor"da o'z kasbini hurmat qiladigan, aqlli va istiqbolli murabbiy ishlamoqda, u bilan birga o'qiganmiz. Bugun ham jamoa o'yinida murabbiyning imzosi ko'rinib turdi. Ular ko'proq to'p nazoratiga e'tibor qaratishdi va pressing qo'llashga urinishdi, ammo bu bazi vaziyatlarda ularning foydasiga, ayrim hollarda esa zarariga ishladi.
Bizga kelsak, mavsum so'ngida futbolchilar jismoniy emas, balki ruhiy tomondan ko'proq charchashmoqda. Chempionlik yaqinlashgani sayin xato qilishdan qo'rqish hissi sezilyapti. Bahsning dastlabki 20-25 daqiqasini yaxshi o'tkazib, ikkita chiroyli gol urdik, keyin esa o'yin ritmini yo'qotib, oddiy vaziyatlarda ko'p xatolarga yo'l qo'ydik. Tanaffusda kerakli ko'rsatmalarni berdik va ikkinchi bo'lim boshida yana tashabbusni qo'lga olib, tezkor gollar evaziga g'alabani taminladik".
Chempionlik imkoniyatlari
"Chempionlikka necha foizga yaqinlashdik? Qariyb 90 foizga. Oldinda yana uchta o'yin bor va maqsadimiz ularning barchasida g'alaba qozonish. Ko'plab OAV bizni allaqachon chempion deb atamoqda, lekin men aytamanki, biz hali chempion emasmiz. Qachonki barchasi rasman hal bo'lsa, shundagina erkin nafas olishimiz mumkin. Ungacha esa na futbolchilar, na murabbiylar shtabining bo'shashishga haqqi bor", - deya so'zlarini yakunladi Ismoilov.
Kommentariyalar