Isak og'ir jarohatdan so'ng «PSJ»ga qarshi o'yin qaydnomasiga kiritildi

«Liverpul» hujumchisi Aleksander Isak Chempionlar ligasi chorak finali doirasidagi «PSJ»ga qarshi kechadigan ilk o'yin qaydnomasidan joy oldi, deb xabar bermoqda mersisaydliklar matbuot xizmati.
Uchrashuv chorshanba, 8 aprel kuni Parijda bo'lib o'tadi va Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:00 da boshlanadi.
Eslatib o'tamiz, 20 dekabr kuni Angliya chempionati 17-turidan o'rin olgan «Tottenxem»ga qarshi bahsda (2:1) Isak jarohat olib, maydonni tibbiyot xodimlari yordamida tark etgan edi. Keyinchalik futbolchining kichik boldir suyagi singani ma'lum bo'lgandi.
Isak «Liverpul» safida barcha turnirlarda 16 ta o'yin o'tkazib, 3 ta gol urdi. U 1 sentyabr kuni «Nyukasl»dan 145 million evro evaziga jamoa safiga kelib qo'shilgan edi.