"Inter" Taremi bo'yicha taklifni qabul qildi

Milanning "Inter" klubi hujumchisi Mehdi Taremi faoliyatini Gretsiyada davom ettirishi mumkin. "Neradzurrilar" 33 yoshli futbolchiga umid qilmayapti, shuning uchun transfer oynasi yopilgunga qadar uni sotib yuborishni rejalashtirmoqda. Jurnalist Matteo Morettoning ma'lum qilishicha, Italiya grandi "Olimpiakos"ning Taremi bo'yicha taklifiga allaqachon rozi bo'lgan. Endi barchasi hujumchining o'ziga bog'liq: agar u ijobiy javob bersa, transfer amalga oshadi.
Mehdi Taremi "Inter"da bir mavsum o'tkazdi. Eronlik futbolchi barcha musobaqalarda milanliklar jamoasi safida 43 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan va 9 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
"Olimpiakos" Gretsiya chempionatining o'tgan mavsumida g'olib bo'ldi. Jamoa bugun qur'a tashlanadigan Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etadi.