«Inter»ning sobiq prezidenti jamoaning so'nggi muvaffaqiyatsizliklari haqida gapirdi

«Inter»ning sobiq prezidenti Massimo Moratti milanliklar jamoasining o'yini haqida mulohaza yuritdi. Eslatib o'tamiz, avvalroq «neradzurri» Italiya Kubogi yarim finalining dastlabki uchrashuvida «Komo» bilan 0:0 hisobida durang o'ynagan, shundan so'ng A Seriya doirasidagi safar o'yinida «Milan»ga imkoniyatni boy bergan edi (0:1).
«Italiya Kubogida biz bo'shashib o'ynadik, chunki xayolimiz javob uchrashuvida edi. So'nggi 10 daqiqa dahshatli o'tdi, to'p tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa tepib tashlandi. Aynan shu o'yinda passivlik ko'zga tashlandi va keyinchalik buni «Milan» bilan bahsda ham ko'rdik.
Men mavsum yakunida «Inter» barqarorlikni saqlab qolishini kutmoqdaman. Ikkinchi o'rindagi jamoadan 7 ochkoga o'zib ketganimiz — bu katta va munosib muvaffaqiyatdir», — deya Morattining so'zlarini keltirmoqda «tuttomercatoweb».