Milanning «Inter» klubi «Barselona» bilan muzokaralar olib borayotgan markaziy himoyachi Alessandro Bastoni o'rniga nomzod qidirmoqda.

«Ko'k-anorranglilar» kelayotgan yozda «neradzurri» yulduzini o'z tomonlariga og'dirib olish uchun barcha imkoniyatlarga ega, shu sababli milanliklar rahbariyati uning o'rnini bosishi mumkin bo'lgan futbolchilarni o'rganmoqda. FcInterNews nashrining xabar berishicha, «Inter» Bastonini top-darajadagi o'yinchi bilan almashtirmoqchi va asosiy variantlardan biri sifatida Rikardo Kalafori belgilangan. Milan klubi vakillari allaqachon Londonning «Arsenal» jamoasi futbolchisining agenti bilan aloqaga chiqishgan.

Transfermarkt saytida Kalaforining narxi 55 million evro etib belgilangan. Italiya terma jamoasi markaziy himoyachisining «kanonirlar» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo'ljallangan.