Indoneziyada o'zbekistonlik hakam ishtirokidagi o'yinda tartibsizlik yuz berdi: Rasmiy ma'lumot

Indoneziya chempionati doirasida bo'lib o'tgan "Persipura" hamda "Adhyaksa FC" jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng yuzaga kelgan vaziyat bo'yicha qo'shimcha tafsilotlar ma'lum qilindi.
O'yin yakunlangach, mezbon jamoaning ayrim muxlislari natijadan norozi holda maydonga turli buyumlar uloqtirishgan. Tarqalgan xabarlarga ko'ra, ushbu holatda mazkur bahsni boshqarib borgan o'zbekistonlik hakam Asker Najafaliev va hakamlar brigadasiga hech qanday jismoniy zarar etmagan. Tartibni saqlash xodimlari hakamlar xavfsizligini ta'minlab, ularni stadion hududidan xavfsiz tarzda olib chiqishgan.
Ta'kidlanishicha, Indoneziya futbol federatsiyasi tomonidan Asker Najafalievning faoliyati yoki o'yin davomidagi qarorlari yuzasidan hozircha hech qanday rasmiy e'tiroz yoki shikoyat kelib tushmagan.
Hamyurtimiz Indoneziyadagi faoliyatini davom ettirmoqda. Ma'lum qilinishicha, Najafaliev ertaga bo'lib o'tadigan "Persita" — "Persijap" uchrashuvini boshqarish uchun navbatdagi tayinlovni olgan va ayni paytda bo'lajak o'yinga tayyorgarlik ko'rmoqda.