Iliya Topuriya navbatdagi jangini qachon va kimga qarshi o'tkazishini ma'lum qildi

Engil vazn toifasida UFC chempioni Iliya Topuriya navbatdagi jangini qachon o'tkazishi va kimga qarshi oktagonga chiqishi mumkinligi borasida fikr bildirdi.
“El Matador”ning so'zlariga ko'ra, u taxminan uch oydan so'ng janglarga qaytishni rejalashtirmoqda. Topuriya o'zining navbatdagi raqibi sifatida amerikalik Jastin Getji va britaniyalik Peddi Pimblett o'rtasidagi bahs g'olibini ko'rmoqda. Mazkur jangda vaqtinchalik chempionlik kamari o'ynaladi.
“Aprel — iyun. Peddi Pimblett va Jastin Getji o'rtasidagi jang g'olibi”, deb yozdi Topuriya o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Hozirda Iliya Topuriya shaxsiy masalalar sabab janglardan qisqa tanaffus olgan. O'z navbatida, Getji — Pimblett jangi 25-yanvar, yakshanba kuni Las-Vegasda bo'lib o'tadigan UFC 324 turnirining markaziy to'qnashuvi sifatida belgilangan.