Igor Ledyaxov: «O'zbekiston va Rossiya terma jamoalari ayni paytda bir xil saviyada»

Moskvaning «Spartak» klubi safida uch karra Rossiya chempioni bo'lgan Igor Ledyaxov JCh-2026da O'zbekiston terma jamoasining ishtiroki haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Birinchi turda O'zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag'lub bo'lgan edi.
— O'zbekiston uchun JCh-2026ga chiqishning o'zi katta muvaffaqiyat, — dedi Ledyaxov. — Kolumbiyaga qarshi o'yinda ular unchalik ishonchli ko'rinmadi, ammo O'zbekistonni hurmat qilish kerak. Chunki ular mundialga ilk bor chiqishdi.
— O'zbekiston terma jamoasi hozir Rossiya termasidan kuchliroq degan fikrga qo'shilasizmi?
— Menimcha, ikki jamoa taxminan bir xil saviyada. O'zbekistonda futbol rivojlanmoqda, chunki ular xalqaro musobaqalarda ishtirok etishmoqda. Biz esa o'z darajamizni to'liq baholay olmayapmiz.
— O'zbekiston terma jamoasining qaysi yulduzlari sizda yaxshi taassurot qoldirmoqda?
— Eldor Shomurodov bizda «Rostov»da o'ynagan. Abbosbek Fayzullaev esa TsSKA sharafini himoya qilgan. Lekin Rossiyada ham ulardan qolishmaydigan iqtidorli futbolchilar bor. Faqat biz ularning haqiqiy darajasini baholash imkoniyatiga ega emasmiz, — dedi Ledyaxov.
Eslatib o'tamiz, JCh-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida O'zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi.
Manba: Stadion.uz