Bugun O'zbekiston aralash jang san'atlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot saylov-konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Sport vazirligi, MOQ rahbariyati va soha mutasaddilari ishtirok etishdi.

Konferentsiya davomida assotsiatsiya rahbariyati qayta shakllantirilib, yaqin davr uchun ustuvor rejalar muhokama qilindi. Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning mamlakat voleybol federatsiyasi rahbari sifatidagi muvaffaqiyatli faoliyati inobatga olinib, uning nomzodi O'zbekiston aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi. Nomzodlar ushbu taklifni bir ovozdan ma'qullashdi va Aziz Anvarovich O'zbekiston aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi.

Shuningdek, assotsiatsiya raisining o'rinbosarlari, bosh kotib va ijrochi direktorlari ham saylanib, rahbariyat tarkibi to'liq shakllantirib olindi.

Tadbirda so'z olgan rasmiylar assotsiatsiya rahbariyatini mas'uliyatli lavozim bilan qutlab, sharafli vazifalarini amalga oshirishlari yo'lida omad va muvaffaqiyatlar tilashdi.