Husanovning agenti: «Abduqodir uchun bu yilni juda yaxshi deb baholash mumkin»

«Manchester Siti» futbolchisi Abduqodir Husanovning agenti G'ayrat Hasbiullin o'z mijozi uchun 2025 yil yakunlarini sarhisob qildi.
«Abduqodir uchun bu yilni juda yaxshi deb baholash mumkin: u Frantsiya chempionatidan Angliya Premer-ligasiga katta sakrash qildi. Futbolchi “Manchester” asosiy tarkibida o'z o'rnini topdi, O'zbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqdi. Hozir u muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lmoqda, bu esa yosh futbolchi uchun juda muhim», — deya Hasbiullinning so'zlarini «Sovetskiy sport» keltiradi.
Husanov «Manchester Siti» safiga 2025 yil yanvar oyida qo'shilib, 2029 yilgacha mo'ljallangan shartnoma imzolagan. U klub va Angliya Premer-ligasi tarixidagi ilk o'zbek futbolchisiga aylandi. Ma'lumotlarga ko'ra, transfer summasi bonuslarsiz 40 million evroni tashkil etgan.