Hamdardlik. O'FA faxriylar kengashi raisi To'lagan Isoqov vafot etdi

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O'FA faxriylar kengashi raisi, O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zosi, Murabbiylar kengashi a'zosi, "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi" To'lagan Isoqovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
O'zbek futbolining jonkuyar fidoyisi, To'lagan Isoqov o'z umrini futbolga bag'ishlagan. U futbolchi sifatida «Paxtakor» jamoasi sharafini 13 mavsum davomida munosib himoya qilgan, 252 o'yinda maydonga tushib, 52 gol kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Murabbiylik faoliyatida davomida «Paxtakor», «Zarafshon» va «Surxon» jamoalarini boshqargan, shuningdek, so'nggi yillarda O'FA faxriylar kengashiga rahbarlik qilib, mamlakatimizda futbolning ommalashishi, rivojlanishiga, bir so'z bilan aytganda, futbolning har bir jabhasida o'zining munosib hissasini qo'shgan etuk mutaxassis edi. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, sportga sadoqat bilan etishib chiqishi yo'lida fidokorona xizmat qilgan.