Habib Nurmagomedovning O'zbekistonga kelishi sababi ma'lum bo'ldi

UFCning sobiq mutlaq chempioni, aralash jang san'ati (MMA) yulduzi Habib Nurmagomedov O'zbekiston Aralash jang san'ati assotsiatsiyasi taklifiga binoan Toshkentga kelgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Nurmagomedov Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Jar” sport majmuasida joylashgan assotsiatsiyaning markaziy idorasi faoliyati bilan tanishgan.
Dog'istonlik sportchini assotsiatsiya raisi Aziz Toshpo'latov, Milliy olimpiya qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari va Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov hamda terma jamoa murabbiylari va sportchilar kutib oldi.
Tadbir davomida mehmonlar aralash jang san'atining O'zbekistondagi rivojlanishi, sportchilarning tayyorgarlik jarayoni va mavjud infratuzilma bilan yaqindan tanishtirilgan. Shuningdek, sport yo'nalishida xalqaro tajriba almashish, o'quv-mashg'ulot yig'inlari va musobaqalar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilingan.
Nurmagomedov uchrashuvda so'zga chiqib, sportchilarning professional tayyorgarligi bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi:
“O'zbekiston bugun boksda dunyodagi etakchi davlatlardan biri bo'lib, eng ko'p oltin medallarni qo'lga kiritmoqda. Agar boshqa sport turlarida, jumladan aralash jang san'atida ham yoshlarga sharoit yaratilsa, ular ham yaqin kelajakda jahon sahnasida etakchilardan bo'lishi mumkin”, dedi Nurmagomedov.
Tashrif doirasida Habib Nurmagomedov yosh sportchilar bilan ham uchrashib, ularga o'z tajribasi bilan o'rtoqlashgan.