Gvardiola Xolandning Chempionlar ligasidagi rekordi haqida fikr bildirdi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola hujumchi Erling Xolandning Chempionlar ligasidagi yutug'i haqida fikr bildirdi.
Avvalroq xabar qilinganidek, Norvegiya terma jamoasi hujumchisi «Napoli»ga qarshi (2:0) umumiy bosqich 1-tur uchrashuvida o'zining 50-golini urdi. U bu ko'rsatkichga musobaqadagi 49-uchrashuvda erishdi va turnir tarixida eng tezkor futbolchiga aylandi.
«Nima deyishim mumkin? Statistika o'z-o'zidan guvohlik beryapti. Safimizda uning borligi katta omad. Faqat uni tabriklashni istayman, chunki u Ruud van Nistelroy, Robert Levandovski kabi to'purarlar hamda, ayniqsa, 20 yil davomida hukmronlik qilgan ikki monstr — Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi qatoriga kirdi. Erling ular qatorida turishi — haqiqatan ham ajoyib holat», — dedi Gvardiola.
Xoland 2022 yildan beri «Manchester Siti» sharafini himoya qilib keladi. Uning klub bilan shartnomasi 2034 yilgacha amal qiladi.