«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Frantsiya Liga 1 rahbariyatining Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan «PSJ»ni qo'llab-quvvatlash uchun o'yinlar vaqtini ko'chirishga tayyorligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Bunday holatlar boshqa mamlakatlarda sodir bo'lishi mumkin, lekin bu erda (Angliyada) hammasi qanday bo'lsa, shundayligicha qoladi. Moslashish kerak. Agar bu sizga yoqmasa, borib Frantsiya yoki Portugaliyada murabbiylik qiling», — dedi Gvardiola.

Shuningdek, Pep Angliya futbolidagi an'analarga hurmat bilan qarashini qo'shimcha qildi.

«Menga bu er yoqadi. Hali «Barselona»da ishlab yurgan paytlarimdayoq boshqa murabbiylarning bu erdagi taqvimdan shikoyat qilishlarini eshitganimda ham aytganman: Angliyada doim shunday bo'lgan. Shunday ekan, men boshqacha narsani kutmagan ham edim».

Gvardiolaning bu so'zlari APLning o'ziga xos qiyinchiliklarini qabul qilish va unga qarshi chiqmaslik kerakligiga ishora qilmoqda.