Grizmann Simeonening hissiyotli murojaatiga javob qaytardi

Madridning "Atletiko" klubi hujumchisi Antuan Grizmann jamoadagi oxirgi mavsumini o'tkazmoqda. Frantsuz futbolchisi yozda "matraschilar" safini tark etadi, u allaqachon "Orlando Siti" bilan shartnoma imzolab bo'lgan.
Chempionlar Ligasi doirasidagi "Barselona"ga qarshi o'yin oldidan hujumchi Diego Simeone bilan birga matbuot anjumanida ishtirok etdi. Argentinalik murabbiy futbolchining tez orada jamoadan ketishi haqida to'lqinlanib gapirdi.
"Diego tufayli men hatto orzu ham qilmagan darajaga chiqdim. Men bu murabbiyga qoyil qolaman va uni yaxshi ko'raman. Uning jamoasida o'ynash men uchun ulkan sharaf va imtiyozdir", — deya Grizmannning reaktsiyasini keltiradi Ispaniya OAVlari.
35 yoshli futbolchi "Atletiko" safidagi jami 489 ta uchrashuvda 211 ta gol va 97 ta golli uzatmani amalga oshirgan.