Grinvud A Seriyaga yo'l olmoqda

«Roma» klubi «Marsel» hujumchisi Meyson Grinvud uchun kurashda oldinga chiqib oldi va futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishuvga erishdi. Bu haqda «Goal» portali xabar bermoqda.
Hujumchining boshlang'ich sof maoshi yiliga taxminan 4 million evroni tashkil qiladi, shuningdek, shartnomada qayd etilgan natijalar uchun bonuslar ham ko'zda tutilgan. Biroq, klublar hozircha transfer summasi bo'yicha bir qarorga kelishgani yo'q.
UEFAning moliyaviy qoidalariga rioya qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan «Marsel» futbolchini taxminan 55 million evroga baholamoqda, «Roma» esa taxminan 40 million evro atrofida ilk rasmiy taklifini tayyorlamoqda.
Avvalroq, futbolchiga asosiy da'vogar sifatida «Fenerbaxche» ko'rilayotgan edi, biroq Turkiya klubida bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlaridan so'ng turklarning unga bo'lgan qiziqishi amalda yo'qqa chiqdi.