Juma kuni «Barselona» «Nyukasl» vingeri Entoni Gordonning transferini rasman e'lon qildi. Ingliz futbolchisi «ko'k-anorranglilar»ga ehtimoliy bonuslardan tashqari 80 million evroga tushdi — bu Joan Laportaning prezidentlik qilgan ikkala davridagi klubning eng qimmat xaridi hisoblanadi.

25 yoshli vinger bu ko'rsatkich bo'yicha 2009 yilda «Inter»dan 69,5 million evroga sotib olingan Zlatan Ibragimovichni ortda qoldirdi. «Barselona» tarixidagi eng qimmat transferlar ro'yxatida esa Entoni Gordon Usmon Dembele, Filippe Koutino, Antuan Grizmann, Neymar, Frenki de Yong va Luis Suaresdan keyin ettinchi o'rinni egallab turibdi.

Kataloniya grandining yangi a'zosi bilan imzolagan shartnomasi 2031 yilga qadar mo'ljallangan.