Germaniya terma jamoasi himoyachisi APLga o'tishi mumkin

Germaniya Ikkinchi Bundesligasi o'rtamiyona jamoasi «Nyurnberg» o'z sobiq futbolchisi Nataniel Braunning «Ayntraxt Frankfurt»dan ketishi orqali kattagina mablag' ishlab olishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
22 yoshli himoyachiga ayni damda «Arsenal» va «Manchester Yunayted» klublari eng faol qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, «Real Madrid», «Barselona» va «Bavariya» kabi grandlar ham ushbu futbolchi uchun kurashga qo'shilishi mumkin. «Ayntraxt» o'z futbolchisini 60–80 million evroga baholamoqda.
«Nyurnberg» klubi shartnomadagi tegishli bandga asosan, transfer summasining 12,5 foiziga egalik qiladi. Eslatib o'tamiz, 2023 yilning dekabrida ular Braunni atigi 3,5 million evro evaziga sotishgan edi.
Nataniel Braun Germaniya terma jamoasining JCh-2026 uchun qaydnomasidan joy olgan va bosh murabbiy Yulian Nagelsmann tomonidan yuqori baholangan. Futbolchining yaqin orada top-klublardan biriga o'tishi deyarli shubhasiz bo'lib turibdi.