Germaniya klubi himoyachi transferi bo'yicha «Manchester Siti» bilan kelishib oldi

«Manchester Siti» markaziy himoyachisi Jamay Simpson-Pyuzi «Kyoln» klubi bilan shartnoma imzolaydi. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg xabar bermoqda.
20 yoshli himoyachi shu yilning yanvar oyidan beri Germaniya klubida ijara asosida to'p surayotgan edi. «Kyoln» rahbariyati «shaharliklar» bilan futbolchining to'laqonli transferi borasida kelishuvga erishdi.
Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, Simpson-Pyuzi «echkilar» bilan to'rt yillik mehnat shartnomasini imzolaydi. Kelishuv qiymati 5 million evroga baholanmoqda.
Germaniyada ingliz futbolchisi 11 ta o'yinda maydonga tushdi, biroq samarali harakatlari bilan ajralib turolmadi. Yakunlangan mavsumning birinchi qismida Simpson-Pyuzi «Seltik» klubiga ijaraga berilgan bo'lib, u erda ikkita uchrashuvda qatnashgan edi.