Kataloniyaning «Barselona» klubi yarim himoyachisi Gavi «Sevilya»ga qarshi bahsda maydonga qaytgani haqida fikr bildirdi. Futbolchi zaxiradan o'yinga qo'shildi, «ko'k-anorranglilar» esa 5:2 hisobida yirik g'alabani qo'lga kiritishdi.

«Bu safar [qaytish] oldingisidan ko'ra qiyinroq bo'ldi. Juda og'riqli jarayonni boshdan kechirdim. «Kamp Nou» muhitini va muxlislarning qo'llab-quvvatlashini yana his qilganimdan juda xursandman. Emotsiyalarimni so'z bilan ifodalab bera olmayman. Men juda baxtliman», — deya yarim himoyachining so'zlarini Marca nashri keltirmoqda.

Ta'kidlab o'tish joizki, bu Gavi uchun o'tgan yilning avgust oyidan beri o'tkazilgan ilk rasmiy uchrashuv bo'ldi.