Gabriel Jezus «Arsenal»ning yosh yulduzi Maks Doumanning mahoratiga yuqori baho berdi

Londonning «Arsenal» klubi hujumchisi Gabriel Jezus jamoadoshi Maks Douman haqida o'z fikrlarini bildirdi.
Yosh vinger «kanonirlar» safida 15 yoshida debyut qilgan bo'lsa, 16 yoshida Premer-liga tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi.
«Men 15 yoshimda ko'chada futbol o'ynardim, Maks bo'lsa allaqachon Chempionlar ligasi va APLda maydonga tushmoqda. Bu shunchaki aql bovar qilmas holat. U gol urgan o'yindan so'ng men undan: "Maktabda ishlaring qalay?" deb so'radim. Braziliyada bunday voqeadan keyin maktabga borishning iloji bo'lmasdi. U shubhasiz juda iqtidorli», — deya ingliz OAVlari Jezusning so'zlarini keltirmoqda.
Tez orada Maks Douman Angliya chempioniga ham aylanishi mumkin — hozirda «Arsenal» turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va «Manchester Siti»dan to'qqiz ochko oldinda bormoqda.