Yakshanba kuni, 17 may kuni Frantsiya Liga 1 ning 2025/2026 yilgi mavsumi so'nggi turi o'yinlari bo'lib o'tdi. 34-tur yakunlariga ko'ra, keyingi 2026/2027 yilgi mavsumda Frantsiya sharafini UEFA Chempionlar Ligasi, UEFA Evropa Ligasi va UEFA Konferentsiyalar Ligasida himoya qiladigan jamoalar nomi ma'lum bo'ldi.

Qit'aning eng nufuzli klublar turniri — Chempionlar Ligasining umumiy bosqichiga mamlakat chempioni «PSJ» hamda ichki birinchilik sovrindorlari bo'lmish «Lans» va «Lill» klublari to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma oldi. Musobaqa jadvalida to'rtinchi o'rinni egallagan «Lion» esa turnirni uchinchi kvalifikatsiya (saralash) bosqichidan boshlaydi.

Evropa Ligasida «Marsel» klubi ishtirok etadi. Frantsiya chempionatini oltinchi o'rinda yakunlagan «Renn» esa Konferentsiyalar Ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Frantsiyada futbol mavsumi 22 may kuni bo'lib o'tadigan «Lans» va «Nitstsa» jamoalari o'rtasidagi mamlakat Kubogi finali bilan yakuniga etadi.