Frantsiyada mavsumning eng yaxshi murabbiyi aniqlandi

Parijda Milliy professional futbolchilar ittifoqi (UNFP) tomonidan 2025/26 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
«Mavsumning eng yaxshi murabbiyi» nominatsiyasida «Lans» ustozi Per Saj g'olib chiqdi. Ushbu sovringa, shuningdek, Luis Enrike («PSJ»), Paulu Fonseka («Lion»), Bryuno Jenezo («Lill») va Olive Pantaloni («Loryan») nomzod sifatida ko'rsatilgan edi.
2025 yilda xuddi shu mukofotga Luis Enrike loyiq ko'rilgandi.
Saj 47 yoshda, kelib chiqishi frantsiyalik. Mutaxassis 2025 yildan beri «Lans»da faoliyat yuritib kelmoqda. Bunga qadar u «Lion»ni boshqargan, shuningdek, «Red Star», «Lion Dyusher» va «Shamberi» murabbiylar shtabida ishlagan.
«Lans» 32 ta o'yinda 67 ochko jamg'arib, Liga 1ning 2025/26 yilgi mavsum jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi. «PSJ» 73 ochko bilan (32 ta o'yindan so'ng) peshqadamlik qilmoqda. Uchinchi o'rinda esa «Lill» (33 ta o'yindan so'ng 61 ochko) bormoqda. Jamoalar chempionatda jami 34 ta o'yin o'tkazishlari lozim.