Frantsiya murabbiyi: «Barcha xayolimiz Desham bilan, uning qaytishini kutmoqdamiz»

Frantsiya terma jamoasi murabbiyi Gi Stefan JCh-2026 3-turidan o'rin olgan Norvegiya ustidan qozonilgan g'alaba (4:1) haqida fikr bildirdi. Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham onasining vafoti sababli o'yinni o'tkazib yubordi.
«Birinchi navbatda, hozir barcha xayolimiz Dide Desham bilan. Biz uning qaytishini intiqlik bilan kutmoqdamiz va ertaga u mashg'ulotlarda biz bilan birga bo'ladi.
O'yinning o'ziga keladigan bo'lsak, biz bajarishimiz kerak bo'lgan ishni qildik. Jamoa yuqori shiddat va ko'plab vaziyatlar bilan, zavqlanib to'p surdi. Biz to'rtta gol urdik. Usmon Dembele xet-trik qayd etdi, Dezire Due esa JChdagi ilk golini bosh bilan kiritdi. Bularning barchasi ijobiy holatlar va biz ularni yanada rivojlantirishimiz kerak», — dedi Stefan.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar