Frantsiya futbol federatsiyasi Fofana bo'yicha bayonot bilan chiqdi

Frantsiya futbol federatsiyasi (FFF) o'zining «X» ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida «Chelsi» va «uchranglilar» himoyachisi Uesli Fofanaga nisbatan bildirilgan irqchilik haqoratlariga munosabat bildirdi. Futbolchi APL 27-turi doirasidagi «Byornli»ga (1:1) qarshi o'yindan so'ng ushbu hujumlarga duch kelgan edi.
«Bir necha kundirki, Uesli Fofana qabul qilib bo'lmas irqchilik ifodalariga duch kelmoqda. FFF uni to'liq qo'llab-quvvatlashini bildiradi va ushbu uyatli hujumlarni keskin ravishda qoralaydi. Irqchilik — bu shunchaki fikr emas. Bu — jinoyatdir. Biz sportda nafratga toqat qila olmaymiz. Biz kiyadigan futbolka, u qaysi jamoaniki bo'lishidan qat'i nazar, shunchaki klub yoki milliy terma jamoadan ko'proq narsani anglatadi: u o'zida hurmat, fidoyilik va hamjihatlik qadriyatlarini mujassam etadi. O'yinchiga uning terisi rangi tufayli hujum qilish — bu ushbu qadriyatlarga hujum qilish demakdir. Maydon sport ehtirosi, faxr va birlik makoni bo'lib qolishi shart», — deyiladi FFF xabarida.