Frank Lebyof: "Entso va Kaysedo "Chelsi"da o'ynashga loyiq emas"

"Chelsi" sobiq himoyachisi Frank Lebyof London klubi safidagi Entso Fernandes va Moyzes Kaysedoni etakchilik qobiliyati yo'qligi uchun tanqid qildi.
"Jamoamizda liderlar yo'q. Bizga darvozabon, markaziy himoyachi va yarim himoyachi chiziqlarida haqiqiy etakchilar kerak. Kaysedo va Entso Fernandes — lider emas. Uzr-u, lekin men haqiqiy etakchilarni ko'rganman. Men maydon markazida Dennis Uayz, Kreyg Byorli va Roberto Di Matteo kabi futbolchilar bilan birga o'ynaganman. Ular haqiqiy lider edilar. Hali Marsel Desayi, Stiv Klark kabi himoyachilar yoki Vialli, Gullit, Dzola kabi hujumchilarni aytmayapman — ular mening davrimda muvaffaqiyatga erishgan futbolchilar edi", — dedi Lebyof.
Shuningdek, sobiq futbolchi jamoaning hozirgi tarkibi borasida fikrlarini davom ettirdi:
"Men hatto Roman Abramovich davridagi jamoa haqida gapirib ham o'tirmayman. Ammo hozirgi futbolchilar ayni damda "Chelsi"da o'ynashga loyiq emas. Ular etarlicha kuchli emas. Hozir nimani o'zgartirish mumkin, bilmayman. Lekin keyingi mavsumda, iltimos, rahbariyat haqiqiy liderlarni sotib olsin. Aks holda, "Chelsi" hech qachon biz bilgan o'sha kuchli jamoaga aylana olmaydi".
Ma'lumot uchun, Lebyofning ushbu intervyusi klub bosh murabbiyi iste'foga chiqarilishi haqidagi xabarlardan avvalroq ESPN FC telekanalida efirga uzatilgan edi.