Florentino Peres saylovdagi raqibining va'dalari ustidan kuldi

«Real» prezidenti Florentino Peres prezidentlik saylovlaridagi raqibi Enrike Rikelmening «Manchester Siti» hujumchisi Erling Xolandni transfer qilish bo'yicha bergan va'dalariga piching bilan izoh berdi.
Ispaniyalik tadbirkor chorshanba, 3 iyun kuni to'g'ridan-to'g'ri efirda norvegiyalik futbolchining familiyasi va 9-raqam tushirilgan «Real» futbolkasini namoyish etgan edi. Keyinchalik futbolchining vakillari bu ma'lumotni rad etib bayonot berishdi.
«Xoland? Buni hamma rad etdi. Xolandning agenti, Xolandning otasi, Xolandning klubi — xullas, hamma. Bu shunchaki quruq va'da edi. Agar mabodo kimdir bilmasa, eslatib o'taman: bunday ishlarda avvalo klub bilan bog'lanish kerak», — deya Peresning so'zlarini keltiradi Diario AS nashri.
«Real» prezidentligi uchun saylovlar shu yakshanba, 7 iyun kuni bo'lib o'tadi.
25 yoshli norvegiyalik hujumchining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2034 yilga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining transfer bahosini 200 million evroga baholamoqda. 2025/26 yilgi mavsumda Holand barcha turnirlarda 52 ta o'yinda maydonga tushib, 38 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.