Flik «Real» futbolchilari o'rtasidagi mushtlashuvga munosabat bildirdi

«Barselona» bosh murabbiyi Xansi Flik Madridning «Real» klubi yarim himoyachilari Federiko Valverde va Orelen Tchuameni o'rtasida sodir bo'lgan nizo haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Avvalroq, «qirollik klubi»ning payshanba kungi mashg'uloti paytida futbolchilar o'zaro mushtlashib ketgani va oqibatda urugvaylik Valverde bosh suyagi va miya jarohati olgani xabar qilingandi. Madrid klubi har ikki futbolchini 500 ming evro miqdorida jarimaga tortdi.
«Bunday ziddiyatlar har erda uchrab turadi, bu faqat «Real»ga xos voqea emas. Albatta, bu biroz hayratlanarli bo'ldi, lekin bu mening jamoam emas va bu haqda bosh qotirishimga hojat yo'q. Nizolarni qanday boshqarish kerak? Men «Barselona»da qadrlaydigan eng muhim jihat — hammamiz bir yo'ldan ketayotganimizdir. Futbolda ham, hayotda ham bunday holatlar bo'lib turadi. Buni normal holat deya olmayman, lekin yuz berishi mumkin. Eng yaxshi yo'li — avval vaziyatni muhokama qilish va keyin echim izlashdir», — deya Flikning so'zlarini keltirmoqda Sport.es.