"Barselona" hujumchisi Lamin Yamal Ispaniya chempionatining navbatdagi turida "Real Sosedad"ga qarshi maydonga tushadi. Bu haqda kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xans-Diter Flik aytib o'tdi.

"Lamin Yamal ertaga maydonga tushishi aniq. U asosiy tarkibda o'ynaydimi yoki zaxiradan tushadimi, bundan qat'i nazar, maydonga tushadi. O'ylashimcha, u to'liq tayyor, jarohatning qaytalanish xavfi yo'q," - dedi Flik matbuot anjumanida.

Eslatib o'tamiz, Yamal sentyabr oyidagi xalqaro tanaffus vaqtida jarohat olgan va shundan buyon "Barselona" safida o'ynamagan edi.

Ertaga, 28 sentyabr kuni "Barselona" Ispaniya La Ligasi 7-turi doirasida "Real Sosedad"ni qabul qiladi. Start hushtagi Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da yangraydi.