«Monako» Filipe Luisda tegishli litsenziya yo'qligi sababli jarima to'lashi mumkin.

Avvalroq 40 yoshli mutaxassis ikki yillik shartnoma imzolab, Liga 1 vakilini boshqarishi ma'lum bo'lgan edi.

Braziliyalik murabbiyni tayinlashga «Bayer» ham qiziqish bildirgan, biroq nemis klubida Filipening Evropa mamlakatlarida ishlashga ruxsat beruvchi murabbiylik litsenziyasi yo'qligi sababli muammo kelib chiqqan. Sky Sport jurnalisti Florian Plettenbergning yozishicha, uning litsenziyasi faqat Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasiga (KONMEBOL) a'zo davlatlarga amal qiladi.

Leverkuzen klubi bu masalani UEFA bilan muhokamalar davomida hal qilishga uringan, ammo bu ko'p vaqt talab qilardi, murabbiy esa kutishni istamagan.

«Monako» esa o'z navbatida, Filipe Luis boshqaruvidagi har bir o'yin uchun 25 ming evrogacha jarima to'lashga tayyor. Ta'kidlanishicha, agar KONMEBOL litsenziyasi egasi bosh murabbiy sifatida 3 yil ishlagan bo'lsa, litsenziya avtomat ravishda UEFA litsenziyasi bilan teng maqomga ega bo'ladi. Filipe Luis esa «Flamengo»ni taxminan 1,5 yil boshqargan.