Evropa iste'molchilar tashkiloti (Euroconsumers) va Futbol muxlislari birlashmasi (Football Supporters Europe) Evropa komissiyasiga birgalikda shikoyat yo'llab, FIFAni JCh-2026 chiptalari sotuvida monopol mavqeini suiiste'mol qilishda aybladi.

Tashkilotlarning fikricha, Xalqaro futbol federatsiyasi muxlislar uchun asossiz ravishda yuqori narxlar va adolatsiz shartlarni belgilamoqda. Politico nashri keltirgan shikoyat matnida ta'kidlanishicha, bu Evropa Ittifoqi faoliyati to'g'risidagi shartnomaning 102-moddasini (bozorda ustunlik mavqeini suiiste'mol qilishni taqiqlovchi band) buzish hisoblanadi.

Tashkilotlar bir qator ehtimoliy qoidabuzarliklarni ko'rsatib o'tishgan. Ular qatoriga joylarni taqsimlashdagi shaffoflikning yo'qligi, dinamik narx belgilash tizimi va arzon chiptalar taqchilligi kiradi. Shuningdek, FIFA «soxta shoshilinchlik» yaratish orqali muxlislarni chipta sotib olishga majbur qiluvchi «yashirin marketing strategiyalari»dan foydalanishda ham ayblanmoqda.