FIFA rahbari britaniyalik muxlislar haqida gapirgani uchun tanqid qilindi

FIFA prezidenti Janni Infantino Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi nutqidan so'ng Angliya futbol muxlislari assotsiatsiyasi (FSA) tomonidan tanqid qilindi.
Infantino Shveytsariyada so'zlagan nutqida Qatarda bo'lib o'tgan JCh-2022 vaqtida "deyarli hech qanday hodisa bo'lmagani"ni aytdi va "jahon chempionatlari tarixida birinchi marta birorta britaniyalik hibsga olinmagani"ni alohida ta'kidladi.
"Tasavvur qiling! Bu haqiqatan ham o'ziga xos narsa", - dedi Infantino.
FSA bu so'zlarga keskin munosabat bildirdi. Tashkilot bayonotida aytilishicha, FIFA prezidenti muxlislar haqidagi "arzon hazillar"ga emas, balki JCh-2026 uchun "arzon chiptalar"ga e'tibor qaratishi kerak.