FIFA prezidenti Janni Infantino 2025 yil qancha daromad qilgani ma'lum bo'ldi

FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2025 yildagi ish haqi soliqlar chegirilguniga qadar 4,8 million shveytsariya frankini (taxminan 5,2 million evro) tashkil etdi. Bu haqda tashkilotning 30 aprel kuni Vankuverda bo'lib o'tadigan kongressi uchun tayyorlangan rasmiy hujjatlarida ma'lum qilingan.
Infantinoning jami daromadi 2,6 million frank miqdoridagi asosiy maosh hamda 2,2 million frank (2,38 mln evro) miqdoridagi bonuslardan shakllangan. Qayd etish joizki, 2024 yilda prezidentning umumiy daromadi 4,25 million frankni (4,6 mln evro) tashkil etgan edi, ya'ni bir yil ichida uning maoshi sezilarli darajada oshgan.
Shuningdek, hujjatlarda boshqa rahbarlarning ham daromadlari ochiqlangan. FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom soliqlargacha 2,4 million frank (2,6 mln evro) ishlab topgan bo'lsa, tashkilot vitse-prezidentlariga 300 ming dollar, kengash a'zolariga esa 250 ming dollardan yillik kompensatsiya to'langan. Ayrim kengash a'zolari ushbu to'lovlardan ixtiyoriy ravishda to'liq yoki qisman voz kechishgani ta'kidlangan.
Ma'lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016 yilda Yozef Blatter lavozimidan muddatidan oldin ketganidan so'ng FIFA rahbarligiga kelgan edi. Shveytsariya va Italiya fuqaroligiga ega bo'lgan funktsioner 2019 va 2023 yillarda qayta saylangan. Ungacha esa u 2009-yildan buyon UEFA bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.