FIFA JCh-2026 ishtirokchilari uchun klublarga mablag' ajratadi: O'zbekiston klublari qancha ishlab olishi mumkin?

Jahon chempionatida qatnashadigan futbolchilarning klublariga har bir kun uchun 9 ming evrodan ziyod kompensatsiya to'lanadi.
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar uchun ularning klublariga yirik miqdorda mablag' ajratishni rejalashtirmoqda. COPE nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, turnirga jalb etilgan har bir o'yinchi uchun klublarga kuniga 9 ming evrodan ko'proq tovon puli to'lanishi ko'zda tutilgan.
Ma'lumki, O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida ilk bor mundial yo'llanmasini qo'lga kiritgan. Demak, mahalliy Superliga klublari ham o'z futbolchilari orqali xalqaro tashkilotdan katta moliyaviy daromad olishi mumkin.
To'lovlar qanday hisoblanadi?
FIFA kompensatsiya miqdorini futbolchi milliy jamoa yig'iniga rasman qo'shilgan kundan boshlab hisoblaydi. Bunga nafaqat turnirning o'zi, balki musobaqa oldidan o'tkaziladigan tayyorgarlik yig'inlari ham kiradi.
Agar O'zbekiston terma jamoasi musobaqani guruh bosqichidan so'ng yakunlasa, futbolchilar o'rtacha 17–18 kun davomida terma jamoa ixtiyorida bo'lishadi. Bunday holatda klub birgina futbolchi uchun kamida 162 ming evro (taxminan 2 milliard 187 million so'm) atrofida mablag' ishlab oladi.
Eslatib o'tamiz, ayni paytda Fabio Kannavaro boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasi Milliy futbol markazida mundialga hozirlik jarayonining navbatdagi bosqichini o'tkazmoqda.