FIFA JCh-2026 finali uchun chiptalar narxini qariyb 11 ming dollargacha oshirdi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) texnik nosozliklar tufayli to'xtab qolgan sotuvlar qayta tiklangach, 2026 yilgi jahon chempionati finali uchun chiptalar narxini sezilarli darajada oshirdi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Qur'a tashlash marosimidan so'ng, dekabr oyida final o'yini uchun eng qimmat chiptalar 8 680 dollar etib belgilangan edi. Yangilangan narxlarga ko'ra, 19 iyul kuni AQShning Ist-Raterford shahrida bo'lib o'tadigan final bahsi uchun maksimal narx 10 990 dollarga etdi.
Shuningdek, boshqa toifadagi chiptalar narxi ham ko'tarilgan:
2-toifa: 5 575 dollardan 7 380 dollargacha;
3-toifa: 4 185 dollardan 5 785 dollargacha oshgan.
11 iyun kuni Mexikoda o'tkaziladigan Meksika va JAR terma jamoalari o'rtasidagi ochilish o'yini chiptalari esa 2 985 dollardan (avval 2 355 dollar edi) sotilmoqda.
Evropa futbol muxlislari assotsiatsiyasi (FSE) ushbu narxlarni “tovlamachilik” deb atadi va chiptalar sotuvini zudlik bilan to'xtatishga chaqirdi. Tashkilot Evropa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish guruhi bilan birgalikda FIFA ustidan Evrokomissiyaga shikoyat yo'llagan. Shikoyatda tashkilot chiptalar savdosidagi monopoliyadan suiiste'mol qilayotgani ta'kidlangan.
FIFA hozircha beshinchi bosqich doirasida barcha 104 ta o'yin uchun chiptalar to'liq chiqarilmagani, ular bosqichma-bosqich sotuvga qo'yilishini ma'lum qildi.
Eslatib o'tamiz, JCh—2026 tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida va uchta davlat (AQSh, Kanada, Meksika) hududida bo'lib o'tadi. Musobaqa 11 iyundan 19 iyulga qadar davom etadi.