FIFA Isroil futbol assotsiatsiyasiga nisbatan sanktsiyalar joriy etdi

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) intizom qo'mitasi Isroil futbol assotsiatsiyasini (IFA) ko'plab qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortdi, deb xabar bermoqda Lequipe FIFA rasmiy saytiga tayanib.
Jahon futbol tashkiloti Isroil futbol assotsiatsiyasini musobaqalardan chetlatmadi. Biroq intizom qo'mitasi IFAni kamsitishga qarshi kurash bo'yicha majburiyatlarni «jiddiy va takroriy ravishda buzgani» uchun 150 ming shveytsariya franki (€165 ming) miqdorida jarimaga tortdi.
40 sahifalik qarorda Isroil futbolidagi qator irqiy kamsitish holatlari sanab o'tilgan. Shuningdek, tashkilot assotsiatsiya «irqchilikni qoralovchi birorta ham ommaviy bayonot bermagani, hech qanday antidiskriminatsiya kampaniyasini yo'lga qo'ymagani va arab yoki falastinlik futbolchilarni jamoalarga jalb etish bo'yicha choralar ko'rmagani»ni ta'kidlagan.