Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) kengashi Rossiya shaxmat federatsiyasining (RShF) tashkilotdagi a'zoligini vaqtincha to'xtatish bo'yicha qaror qabul qildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma'lum qilingan. Ushbu qaror Rossiya tomoni Sport arbitraj sudi ( CAS) talablarini belgilangan muddatda bajarmagani ortidan qabul qilingan.

Gap 2024-yildan beri davom etib kelayotgan mojaro haqida bormoqda. O'shanda Ukraina shaxmat federatsiyasi Rossiya tashkilotini Ukrainaning bosib olingan hududlarida faoliyat yuritayotganlikda ayblab, shikoyat kiritgan edi. Natijada FIDE ruslarni ikki yilga chetlatgan, biroq keyinchalik apellyatsiya ortidan bu jazo 45 ming evrolik jarimaga o'zgartirilgan.

Bunga javoban Ukraina tomoni CAS’ga murojaat qildi. Sud Rossiya federatsiyasining xatti-harakatlari Ukrainaning hududiy yaxlitligiga xavf tug'dirayotganini va FIDE nizomiga mutlaqo zid ekanini tasdiqladi.

Shuningdek, sud jarima tarzidagi jazoni etarli emas deb topib, Rossiyadan 90 kun ichida bosib olingan hududlardagi faoliyatini to'xtatishni talab qildi. Agar ushbu talab bajarilmasa, RShF uch yilgacha a'zolikdan mahrum qilinishi belgilangandi. CAS qarorini ijro etishning so'nggi muddati 9 iyun kuni yakuniga etdi va bu holat a'zolikning to'xtatilishiga olib keldi.

FIDE o'z bayonotida joriy etilgan sanktsiyalar faqat Rossiya shaxmat federatsiyasining tashkiliy faoliyatiga tegishli ekanini alohida ta'kidlagan. Ya'ni, bu cheklovlar rossiyalik shaxmatchilarning xalqaro musobaqalardagi shaxsiy ishtirokiga to'sqinlik qilmaydi.

Manba: daryo.uz